19:24 O‘zbekistonga qarshi o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxs xorijdan olib kelindi | |
Ma’lum qilinishicha, 1987 yilda tug‘ilgan Sh.N. ijtimoiy tarmoqlar orqali diniy ekstremistik va terrorchilik tashkilotlari g‘oyalari ta’siriga tushib, Internet orqali xalqaro terrorchilik tashkilotlari a’zolari bilan doimiy aloqada bo‘lib kelgan. U mazkur g‘oyalar ta’sirida 2016 yilda Suriya Arab Respublikasi hududiga o‘tib, xalqaro terrorchilik tashkiloti safiga qo‘shilgan hamda jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan. Chet el huquq-tartibot idoralari bilan olib borilgan hamkorlikdagi tadbirlar davomida Sh.N. xorijiy davlatlarning birida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga olib kelingan. Bildirilishicha, hozirda unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda. Eslatib o‘tamiz, avvalroq katta miqdorda firibgarlik sodir etgani uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxs Polshadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan edi. Bundan tashqari, Qozog‘istonning Chimkent shahrida 7 yil davomida xalqaro qidiruvda bo‘lgan narkotik moddalar bilan shug‘ullanuvchi o‘zbekistonlik shaxs qo‘lga olingani xabar qilingandi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|