Главная » 2017 » Август » 21 » Yoringizni burjiga qarab, ko‘nglini zabt eting!
10:41

Yoringizni burjiga qarab, ko‘nglini zabt eting!


Sevimli, ardoqli va hamisha diqqat-e’tiborda bo‘lish! Biz ayollarga shugina kerak, xolos. Ammo begimizning kayfiyati shunchalar tez o‘zgaradiki, kezi kelganida nimalarni xayol qilayotganini ham anglolmay qolamiz. «Sizga nima bo‘ldi?», «Nega o‘zgarib qoldingiz?» kabi savollaringiz javobsiz qolaversa, yaxshisi, ulardan voz keching-da, yoringizning burjini o‘rganishni boshlang. So‘ngra esa uning fe’l-atvoridan kelib chiqib, muomala qiling. Xo‘sh, juftingizni rom etish sirlari bilan tanishishga tayyormisiz?

Hamal – maqtovlarni yoqtiradi!

Umr yo‘ldoshingiz mazkur burj vakili bo‘lsa, hamisha o‘zingizga oro berishingiz, o‘z ustingizda ishlashingiz shart! «Hamal»lar uddaburon, fahm-farosatli ayollarni qadrlashadi. Bir xillikdan tez zerikkanlari bois oilaviy munosabatlarga yangilik kiritib borishni odat qiling.

Juftingiz yolg‘onni kechirmaydi, talabchan bo‘lsa-da, ko‘ngliga yo‘l topa olsangiz, istaganingizni muhayyo qiladi.

Tabiatan yetakchi bo‘lgan «Hamal»ni maqtov va rag‘batlar ruhlantiradi. Bu qoida nozik munosabatlarda ham ahamiyatli ekanligini yodda tuting.

Savr – tanqidga xushi yo‘q!

O‘ziga ishongan, didli, zukko, pazanda va yaxshi suhbatdosh! Juftingiz Savr burjida tug‘ilgan bo‘lsa, sanab o‘tilgan sifatlarga to‘liq javob berishingiz kerak. Zero ushbu burjning beklari ayollardagi aynan shunday fazilatlarni qadrlashadi.

«Savr» erkak shoshqaloqlikni yoqtirmaydi. Yana koyishlar-u tanqidlarga ham suyagi yo‘q. Biror kim bilan taqqoslashlarini esa hazm qilishi qiyin.

Nozik munosabatlarga kelsak, ba’zan tashabbus ko‘rsatishingizga to‘g‘ri keladi. Xavotirlanmang, «Savr»lar bunday iltifotdan mamnun bo‘lishadi. Asosiysi me’yordan oshib ketmaslik.

Javzo – mulozamatdan erib ketadi...

Bu burj vakillari bilan bir tom ostida yashash oson emas. Ammo osongina taslim bo‘lishga shoshilmang! «Javzo» erkak qalbiga yo‘l topishning sinalgan usuli nozu karashma bilan munosabatlarni mudom olovlantirib turishdir. Ha, bu burj sohiblari mulozamatning gadosi. Ammo erkinligiga daxl qilishlarini yoqtirishmaydi. Yoringizni o‘zingizga rom etishni istasangiz, hech qachon qadamini poylamang. Shunchaki ishonch bildiring. «Javzo» sevsa, chin dildan sevadi!

Saraton – g‘amxo‘rlikni qadrlaydi!

Salgina xudbinligini aytmasa, «Saraton»lar namunali umr yo‘ldosh bo‘lishadi. Mazkur burj ostida tug‘ilgan yoringizning ko‘ngliga yo‘l topishda kamchiliklariga ko‘z yumishni o‘rganishingiz kerak. Xatosini aytganingiz bilan baribir tan olmaydi-da. Shirin so‘z, manna, sizning ish «qurolingiz». «Saraton»lar nozik munosabatlarni er–xotin o‘rtasidagi muhabbatning asosi deb hisoblashadi. Visol onlariga ishorasini tushunmasangiz, bir safar indamaydi-yu keyingilarida aynan shuni deb janjal ko‘tarishi ham mumkin.

Asad – rashkini keltirmang!

Uning qarashlarini o‘zgartirish qiyin. «Asad» aytdimi, tamom, istaklarini muhokama qilishga hojat yo‘q.

Tabiatan yetakchi bo‘lgan mazkur burj vakilini rom eta bilish uchun o‘z so‘zingizga ega ayol bo‘lishingiz kerak. «Asad»lar shashti past, aniq maqsad-muddaosi bo‘lmagan xonimlarni yoqtirishmaydi. Barcha burjlar orasida sizning yoringiz sadoqati bilan ajralib tursa-da, rashkini sinovdan o‘tkazmaganingiz durust. Sherning na’rasi butun o‘rmonni oyoqqa turg‘azishini bilarsiz-a?

Har bir ishda maslahatchi bo‘lgan yoringiz shaxsiy hududda ham o‘rgangan ko‘ngil iborasiga amal qilsa ranjimang. Aksincha, so‘zlariga quloq tuting va «o‘yin»ning ishtirokchisiga aylaning.

Sunbula – uzo-o-o-oq suhbatlashgisi keladi...

Turmush o‘rtog‘ingiz «Sunbula»mi, demak, xarakteridagi o‘zi xoslik sizga begona emas. Har ishda fikringizga qiziqishi, kun davomida qanday sarguzashtlar yuz berganini so‘roqlashi ezmalikdan emas, balki e’tibor, mehringizni istayotganidan darakdir. Agar uni rad qilaversangiz, yaxshi tinglovchini topadi-yu, keyin sizni umuman bezovta qilmay qo‘yadi. Sizga shu kerakmi?

Sunbula burjidagi erkak did bilan kiyingan, o‘ziga oro bergan ayolni qadrlaydi. Bu talab yotoqxonada ham birinchi o‘rinda bo‘lishiga diqqat qiling. Sizdan hamisha yoqimli ifor taralib tursin, aynan shu narsa mazkur burj vakillarining nozik nuqtasi.

Mezon – go‘zallik shaydosi!

Yoringiz mazkur burj vakili bo‘lsa, tashqi ko‘rinishingizdan sira nolimang! Axir «Mezon» erkak qizlarning eng suluviga uylanadi-da. Ammo bir–ikki farzandli bo‘lgach, tezgina avvalgi holingizga qaytishingiz shart. Yo‘qsa, juftingizning tanqidiga uchraysiz.

Kayfiyati o‘zgarib turadigan «Mezon»ni siquvga olish yaramaydi. «Avvalgidek suymaysiz meni», deya labingizni burishlaringiz javobsiz qolsa ham ranjimang. Shunchaki o‘z holiga qo‘ying-da, mehringizni ayamang. Xosxonangizda kutilmagan syurprizlar qilish ham foydadan xoli emas.

Aqrab – jahli burnining uchida!

Ushbu burjda tug‘ilgan umr yo‘ldoshingiz sizdagi sirlilikni yoqtiradi. Ammo nozik munosabatlarda tortinchoqlikka xushi yo‘q. Boshqa burj sohiblaridan farqli ravishda «Aqrab» ehtiroslaru hissiyotlar to‘g‘risida soatlab suhbatlashishi mumkin. Mabodo biror ishidan norozi bo‘lsangiz ham, u sizni to‘g‘ri tushunadi. Faqat e’tirozingizni xitoy qog‘ozidan salgina qalinrog‘iga o‘rab yetkazing.

Juftingizning jahli tez. Achchiqlanganida sukut saqlashni bilsangiz, yutasiz. Tilingizga erk berganingiz esa yaxshilik keltirmaydi.

Qavs – hissiyotlarini aytmaydi!

Nima ham derdik, «Qavs»ning fe’li shu, tuyg‘ularini oshkor qilavermaydi. Sizga bo‘lgan mehr-muhabbatini xatti-harakatlaridan bilib olasiz. «Meni sevasizmi?», «Sog‘indingizmi?» deya so‘roqlashingiz befoyda. Yaxshisi, aksini qiling-da, hissiyotlaringizni eslatib turing.

Yotoqxonada «Qavs» uchun turlanish kerak. U bir xillikni yoqtirmaydi. Rag‘bat va maqtovlardan esa moydek erib ketadi.

Bu burj vakillari erkinliklarini har nimadan ustun qo‘yishadi. Shu bois «Qaerdasiz?» kabi tergashlaringizni bas qiling. «Qavs»ning yoyi to‘g‘ri nishonga tegadi-ya!

Jadiy – g‘ururini sindirmang!

Har bir erkak maqtovlardan yuksaladi! «Jadiy»lar esa qanot qoqib naq parvoz qilishlari mumkin. Ayniqsa, yotoqxonaning eshigi yopilgach, «Pahlavonim», «Ishongan tog‘im» deya ko‘klarga ko‘taring uni, javobi uzoq kuttirmaydi.

Umr yo‘ldoshingiz soxta mulozamatni yoqtirmaydi. U bilan suhbatda hamisha samimiy bo‘ling. Uy tutishingiz, yaqinlariga muomalangiz va pazandaligingiz ham a’lo darajada bo‘lishi kerak. Ota–onasi-yu aka-uka, singillariga g‘amxo‘rlik qilsangiz, yoringiz sizni boshida ko‘tarib yuradi. Chunki u jigarlarini birinchi o‘ringa qo‘yadi.

Dalv – biroz ayyor, salgina qiziqqon...

Mazkur burjda tug‘ilgan erkaklar haqida so‘z borganida, turli xil cheklovlaru taqiqlarga xushi yo‘qligini alohida ta’kidlash joiz. «Dalv»lar bilan muomala qilishda xuddi o‘zidek salgina ayyor bo‘lishingiz lozim. Biror masalada fikringizga qiziqsa, darrov javob berishga oshiqmang. Biroz kuttiring.

Hissiyotlar mavzusida esa sirli nigohlaringiz bilan rom eta biling. Ya’ni to‘g‘ridan–to‘g‘ri nima istayotganingizni bildirmang, ishora bering, «qarmoq» tashlang... Cho‘chimang, juftingizga bu yoqadi. Har qanday vaziyatda ham harakatlarini tanqid qilmang. Qiziqqonligini ham bilarsiz-a? Atay emas, behosdan achchig‘ini chiqarsangiz, yana o‘sha nigohlaringiz bilan hovuridan tushirishingiz mumkin. Faqat bu safar muloyim «mushukka» aylaning.

Hut – tortinchoq romantik!

Turmush o‘rtog‘ingiz haqidagi ta’rifdan hayron bo‘layapsizmi? Chindan ham «Hut» erkaklar romantik bo‘lishadi. Biroq hamisha ham buni oshkor qilavermaydilar. Bir dona atirgul, shokolad, antiqa aksessuarlar bularni bari e’tiborining belgisidir. Pisand qilmasangiz, qanotini qayirasiz. «Hut» arazlasa, o‘ziga kelishi qiyin. To‘g‘ri, bu burj sohiblari moddiy masalalarda kuyinchak emaslar. Ammo yo‘naltirib tursangiz, daromad qilishni eplashadi.

Nozik munosabatlarda ham romantik kayfiyatni ma’qul ko‘rgan juftingizni o‘zgacha bezatilgan yotoqxona, shamchalar, bejirim liboslaru xushbo‘y tutatqilar bilan maftun etishingiz mumkin. Bu burj erkaklari rafiqasining e’tiboridan yuksalaveradi. Ammo birgina noo‘rin so‘z bilan qaddi bukilishi ham ehtimoldan xoli emas!

MARJONA tayyorladi.

 


Manba: "darakchi.uz"

Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @tarona_tv manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin.
Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat!
Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi!
Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz!
Категория: Sevgi dunyosi | | Теги: ko‘nglini, burjiga qarab, Yoringizni, zabt eting! | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя