19:46 Erdo‘g‘on: “Shvetsiya Qur’on yoqilishiga qarshi kurashmas ekan, Turkiya uning NATOga a’zolik arizasini ma’qullamaydi” | |
Hurriyet Daily News xabariga ko‘ra, Turkiya yetakchisi Shvetsiya bilan birgalikda alyansga kirish uchun ariza bergan Finlyandiyaning NATOga kirish tashabbusini yuqori baholagan. “Biz Finlyandiya bo‘yicha ijobiy pozitsiyadamiz, lekin Shvetsiya borasida emas”, — deb uning so‘zlarini keltiradi nashr. 21-yanvar kuni Turkiyaning Stokgolmdagi elchixonasi yonida norozilik mitingi bo‘lib o‘tgandi: aksiya ishtirokchilari Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasini (KIP) qo‘llab-quvvatlagan va Shvetsiyaning NATOga kirishiga qarshi chiqqan. Namoyish tashkilotchisi, o‘ta o‘ngchi siyosatchi, Stram Kurs partiyasi rahbari Rasmus Paludan mitingda islomni qoralovchi nutq so‘zlagan, so‘ngra yumshoq muqovali Qur’onni yoqib yuborgan. Shvetsiya politsiyasi mitingga so‘z erkinligi to‘g‘risidagi qonunlarga muvofiq ruxsat berilganini tushuntirdi. O‘z navbatida, Shvetsiya hukumati a’zolari ham Qur’onning yoqilishini qoralab chiqdi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on voqeaga munosabat bildirib, Shvetsiya endi NATOga a’zolikda qo‘llab-quvvatlanmasligini aytdi. 23-yanvar kuni Niderlandiyada “Vatanparvar yevropaliklar Gʻarbning islomlashuviga qarshi” (PEGIDA) harakati yetakchisi Edvin Vagensveld Gaagadagi Niderlandiya Vakillar palatasi binosi oldida Qur’on kitobini omma oldida yirtib, yoqib yubordi. U namoyish Rasmus Paludanni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilganini ma’lum qildi. 27-yanvar kuni Rasmus Paludan Kopengagendagi masjid oldida ham muqaddas kitobni yoqib yubordi. Holat yuzasidan Daniya elchisi Turkiya TIVga chaqirtirildi.
Manba: "daryo.uz"
| |
|